Bilmasman
Qalam tutar qo’llarim, xolismanmu bilmasman.
Bu baytlarni bitishdan, maqsad nadur bilmasman.
Kimga yoqar gaplarim, kimga yoqmas bilmasman.
Arosatda qoldim men, qayga borgum bilmasman.
Ba’zan Alloh lafzini, eshitsam men yig’larman.
Ba’zan shayton ahlini, do’st tutib men kuylarman.
Ba’zan mo’min, ba’zan kofir, ishin to’g’ri bilarman.
Zohirimda mo’minmanu, botinimda bilmasman.
Qur’onni yo’l yoritguvchi, bildim aniq haqiqat.
Lek nafsimni iloh bildim, qolib ichra zalolat.
O’zimni haq ko’rsatdim, har bir so’zim qabohat.
Qur’on o’qir tillarim, dil na uqar bilmasman.
Rasululloh ketkandan so’ng, qoldi yig’lab bu ummat.
Bugun Islom tahqirlanib, yashar endi u zulmat.
Mahshar kuni diydorgacha, bizga qolgani g’urbat.
Havzi Kavsar suvidan, icharmanmu bilmasman.
Yassaviy demish vatan, Turkiston endi xarob.
Millatlarga bo’lib dushman, bizni ayladi sarob.
Vatanimda vatangado, bo’ldim lek aslim turob.
Moziyimiz ulug’ edi, mustaqbalim bilmasman.
So’zla amalim boshqa, bilmam neni kutaman.
Bir kun da’vat etamanu, ertaga unutaman.
Salim qalbsiz, va amalsiz, vaqtim yetgach netaman?
Bu savolga javobim yo’q, ey do’stlarim, bilmasman.
Jozibador janonadek, ba’zan aldadi dunyo.
Unda foniy matohlar, tuyuldi boqiy go’yo.
Ey do’stlarim, aldanmang, buning barchasi ro’yo.
Dunyo, bizdan, nari ketgil, angladingmu bilmasman.
Bo’ldi yetar, charchadim, Haqga osiy bo’lmoqdan.
Ming bor buzib tavbamni, takror gunoh qilmoqdan.
O’zing Rahmon, afv etguvchi, qutqar meni azobdan.
Tavba qildim, lekin Alloh, kechirarmu bilmasman.
Ey do’stlarim, aytingchi, ne toptingiz Rahmonsiz.
Baxtlimisiz? Inonmam, chun umriz halovatsiz!
Saodatga, bilsangiz gar, erishilmaz imonsiz.
Haq yo’liga bosing qadam, boshqa to’g’ri bilmasman!
Dilnur Yuldashev